Shanxay tashkiloti Rossiyaga benzin beradimi? Eron urushi haqida nima gap bo‘ldi?

Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Bishkekdagi sammitida ishtirok etgan rahbarlar

Surat manbasi, Reuters

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Bishkekda Shanxay Hamkorlik tashkiloti deklaratsiyasi qabul qilindi.

ShHTga a’zo mamlakatlar rahbarlarining sammitiga mezbonlik qilgan Qirg‘iziston rahbarlari hali iyul oyidayoq poytaxt Bishkek aholisini avgust oyining oxirgi kunlari va sentyabr boshida shahardan tashqariga chiqib ketishga chaqirdilar.

Sammit munosabati bilan shahar ko‘chalari yopilishi, xavfsizlik choralari kuchaytirilishidan odamlar ogohlantirildilar.

Poytaxt Bishkekka o‘n minglab xavfsizlik kuchlari xodimlari joylashtirildilar.

Shanxay tashkiloti sammiti munosabati bilan boshqa davlatlar rahbarlari ham o‘z kun tartiblarini o‘zgartirdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligi 35 yilligining asosiy tantanalarini 28 avgust kuni o‘tkazdi, 31 avgust kuni Bishkekda VI Butunjahon Ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

1 sentyabr kuni Shanxay tashkiloti sammiti asosiy tadbirlari boshlandi.

"Davlat rahbarlari Shanxay Hamkorlik tashkiloti 25 yilligining Bishkek deklaratsiyasini imzoladilar", deb xabar berdi sammit tashkiliy qo‘mitasi.

Deklaratsiyadan tashqari yana 27 hujjat imzolandi.

Ular orasida ShHT davlatlariga nisbatan tahdidlarga qarshi turish universal markazi nizomi va a’zo davlatlar bandargohlari va logistika markazlarini rivojlantirish rejasi borligi xabar qilinmoqda.

Shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan bayonoti imzolangani xabar qilindi.

Iqtibos
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Bishkekdagi sammitni yoritayotgan muxbirlar e’tibor qaratishlaricha, Bishkek deklaratsiyasida Ukraina urushi tilga olinmagan.

Biroq Shanxay tashkiloti a’zosi hisoblangan Rossiya Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyingi yangi mushkulliklarga duch kelgan.

Oxirgi oylarda Ukraina Rossiyaning eng yirik neftni qayta ishlash zavodlariga dron hujumlarini ko‘paytirdi.

Oqibatda butun Rossiya bo‘ylab yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin taqchilligi kuzatilayapti.

Rossiyaning Amazoni deb ataladigan Wildberries shirkati, oxirgi kunlarda esa Ozon logistika markazlari va omborlariga zarbalar allaqachon millionlab dollar zarar keltirdi.

Wildberries o‘z omborlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonga ko‘chirishni o‘ylab qoldi.

Shuningdek, Rossiyaning Qora dengizdagi Novorossiysk shahridagi harbiy va neft tashiydigan kemalar to‘xtovsiz Ukraina dron hujumlariga uchrayapti, oqibatda Qozog‘istonga tegishli Kaspiy truboprovod konsortsiumi va Turkiyaga tegishli kemalar ham shikast ko‘rdi.

Sammitdagi bayonotlar

Bishkekdan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin energetika sohasida muvofiqlashtirilgan siyosat yuritishga chaqirgan.

"O‘ylaymanki, Shanxay Hamkorlik tashkilotining energetika sohasidagi hamkorlik strategiyasida ko‘zda tutilganidek, energetika sohasida muvofiqlashtirilgan va muvozanatli siyosatni davom ettirish hammaning manfaatiga mos keladi", dedi Prezident Putin.

Bishkek deklaratsiyasida aytilishicha, Shanxay Hamkorlik tashkiloti a’zolari inson huquqlarida ikki xil standartlar qo‘llanishi va suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashishiga qarshilar.

Bu bayonotda kuzatuvchilar AQShning Eronga nisbatan siyosatiga munosabatni ko‘rmoqdalar.

Bishkek sammitida Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon ham ishtirok etayapti.

"Agar AQSh iyun oyida imzolangan oraliq kelishuv bo‘yicha o‘z majburiyatlariga qaytsa, Eron ham darhol javob tarzida xuddi shunday yo‘l tutadi", deya Prezident Pezeshkiyondan iqtibos keltirayapti Eron ommaviy axborot vositalari.