O‘zbekiston: Is gazidan olti kishi vafot etdi. Undan saqlanish yo‘llari

Oxirgi hodisa Toshkent shahrida yuz berdi.
Surat tagso‘zi, Oxirgi hodisa Toshkent shahrida yuz berdi.
Published
O'qilish vaqti: 2 daq

Bosh prokuratura xabar qilishicha, Toshkentda 6 nafar kishi is gazidan vafot etdi. Hodisa 25 oktyabrь kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yuz bergan.

Is gazidan zaharlangan yana 2 nafar fuqaro og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan xususiy uyda sodir bo‘lgan.

Aniqlanishicha, uyning yerto‘la qismiga o‘rnatilgan isitish qozoni xavfsizlik talablariga javob bermagan, gaz tarmog‘iga esa belgilangan tartibda tegishli texnik shartlarsiz ulanilgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116, 257, 205-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Statistika mavjudmi?

O‘zbekistonda har yili sovuq mavsum kirib kelishi bilan mamlakat bo‘ylab is gazidan o‘lish holatlari yuz beradi.

Bu kabi o‘limlarning aksari gaz ta’minotidagi uzilishlar, qishda gaz bosimining pasayishi, eskirgan isitish tizimlari va xavfsiz isitish vositalarining hamma uchun ham arzon emasligi sabab kelib chiqadi.

Ko‘p viloyatlarda gaz ta’minoti yetarli emasligi tufayli odamlar ko‘mir, o‘tin, qo‘lbola pechka yoki boshqa vositalarga o‘tadi. Ular noto‘g‘ri ishlatilsa, is gazi chiqarishi mumkin.

Ayni damda, bu holatlar yildan-yilga takrorlanayotganiga qaramay, hukumat is gazidan o‘lish holatlarini yaxlit rasmiy ro‘yxatini yuritmaydi.

O‘zbekiston matbuoti uchun bu kabi xabarlar odatiy holga aylangan.
Surat tagso‘zi, O‘zbekiston matbuoti uchun bu kabi xabarlar odatiy holga aylangan.

Bu o‘limlar bo‘yicha, jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) va «Hududgazta’minot» o‘zlarining alohida statistikasini yuritadi.

Masalan, FVV ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda is gazidan 128 kishi vafot etgan bo‘lsa, 2025 yilning ilk 9 oyida bu raqam 141 ga chiqqan.

2023 yil noyabrida O‘zbekiston Senati qo‘mitasi is gazidan zaharlanish oqibatlarini hisobga olishning aniq tizimi yo‘lga qo‘yilmagani, turli tashkilotlarning ma’lumotlari esa bir-biridan jiddiy farq qilishini tanqid qilgandi.

Is gazidan o‘limlar bo‘yicha ism-familiyalar, vafot etganlarning yoshi, jinsi va bolalar ulushi, hududlar, sanalar va voqea sabablari ko‘rsatilgan ochiq umummilliy reestr mavjud emas.

Bu esa, o‘z o‘rnida, O‘zbekistonda is gazidan vafot etganlarning haqiqiy soni rasmiy statistikadagi raqamlardan ko‘proq bo‘lishi mumkinmi, degan savolni yuzaga keltiradi.

Is gazidan saqlanish uchun nima qilish kerak?

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Is gazi (CO — uglerod oksidi) gaz, ko‘mir, o‘tin, benzin va boshqa yoqilg‘ilar to‘liq yonmaganda hosil bo‘ladi. Asosiy sabab — yonish jarayonida kislorod yetishmasligi.

Undan zaharlanib o‘lmaslik uchun eng muhim chora — uyda is gazi to‘planishining oldini olish va uni erta aniqlash.

Is gazining hidi ham, rangi ham yo‘q. Odam uni sezmasdan zaharlanishi, uxlab yotganida esa hushidan ketishi va vafot etishi mumkin.

Mutaxassislar undan saqlanish uchun quyidagi qoidalarga rioya qilishni tavsiya etadi:

1. Is gazi signalizatorini o‘rnating. U havodagi CO miqdori xavfli darajaga yetganda ovoz chiqaradi. Uni yotoqxonalar va gaz uskunalari bor xonalarga tegishli yo‘riqnoma asosida o‘rnatish kerak. Oddiy tutun signalizatori is gazini aniqlamaydi.

2. Gaz qozoni, kolonka va pechkani muntazam tekshirtiring. Malakali mutaxassis ularni kamida yiliga bir marta tekshirishi maqsadga muvofiq. Nosoz uskunalar is gazi chiqarishi mumkin.

3. Mo‘ri va shamollatish yo‘llarini berkitmang. Gaz yonishi uchun kislorod va chiqindi gazlarni tashqariga chiqarish yo‘li zarur. Mo‘ri tiqilishi is gazining xonaga qaytishiga sabab bo‘lishi mumkin.

4. Gaz plitasidan uyni isitish uchun foydalanmang. Plita va duxovka ovqat pishirish uchun mo‘ljallangan, xona isitish uchun emas.

5. Mangal, ko‘mir va generatorni uy ichida ishlatmang. Hatto deraza ochiq bo‘lsa ham, ular xavfli miqdorda is gazi chiqarishi mumkin. Generatorni binodan kamida 6 metr uzoqda, eshik va derazalardan narida ishlatish kerak.

6. Shamollatishni ta’minlang, lekin faqat ochiq derazaga ishonmang. Derazani ochish nosoz gaz uskunasini xavfsiz qilmaydi. Is gazi to‘planishini to‘xtatish uchun uning manbasini bartaraf etish zarur.

7. Gaz uskunalarini o‘zingiz ta’mirlamang. Ayniqsa, arzon, qo‘lbola isitish moslamalari va mo‘risi noto‘g‘ri o‘rnatilgan pechkalardan saqlaning.