O‘zbekiston va Rossiyaning Termizdagi harbiy mashg‘ulotlari nimani anglatadi? Video

Published
O'qilish vaqti: 5 daq

Rossiya Ukrainadagi urushni davom ettirayotgan bir paytda, uning harbiylari nega O‘zbekistondagi navbatdagi harbiy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda?

Termiz poligonida 20 oktyabrdan boshlangan «Hamkorlik-2026» qo‘shma mashg‘ulotlari shu savollarni yana kun tartibiga olib chiqdi. Harbiy mashg‘ulotlar 27 oktyabrgacha davom etishi aytilmoqda.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlarda O‘zbekiston va Rossiya mudofaa idoralari bo‘linmalari ishtirok etmoqda. Rasmiy bayonotda aytilishicha, harbiylar chegara hududlarida shartli noqonuniy qurolli guruhlarga qarshi qo‘shma amaliyotlarni mashq qilmoqda.

Bu mashg‘ulotlarning ahamiyati haqidagi qarashlar turlicha.

Toshkentdagi "Bilim karvoni" nodavlat ilmiy muassasasi direktori, Farxod Tolipov bu mashg‘ulotlar O‘zbekistonga sezilarli harbiy foyda keltirishi haqidagi qarashlarga shubha bilan qaraydi.

"O‘zbekiston so‘nggi yillarda xalqaro harbiy musobaqa va mashqlarda yuqori natijalarni ko‘rsatib kelmoqda. Shuning uchun Rossiyadan jiddiy harbiy yordam olishi, menimcha, amri mahol", - deydi u.

Siyosatshunosning fikricha, shuning uchun ham O‘zbekiston bunday mashg‘ulotlarni Markaziy Osiyodagi to‘rt qo‘shnisi - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan birgalikda o‘tkazishi ko‘proq maqsadga muvofiq. Rossiya bilan emas.

Rossiya davlat axborot agentligi TASS esa mashg‘ulotlarda qatnashish uchun Tojikistonda joylashgan Rossiyaning 201-harbiy bazasi bo‘linmalari Termizga kelganini yozdi. Rossiya harbiylari Tojikiston va O‘zbekiston orqali 300 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgani xabar qilindi.

Nima uchun mashg‘ulotlar uchun aynan Termiz tanlangani haqida ham turli qarashlar mavjud.

"Oxirgi yillarda Rossiya tarafi, xususan tashqi ishlar vaziri Lavrov, janub tomondan, Afg‘oniston tomondan O‘zbekiston chegaralariga yaqin hududlarda terrorchi guruhlar to‘planyapti, ulardan tahdid kuchayyapti, deb doim gapirib kelgan. Lekin ana shu bir necha yil davomida biz biron marta jiddiy tahdidni ko‘rganimiz yo‘q. Jiddiy hujumga o‘xshagan holatlarni ham ko‘rmadik. Qolaversa, O‘zbekiston hozirgi amaldagi Afg‘oniston hukumati bilan munosabatlarni normallashtirib, hamkorlik qilishga harakat qilyapti. Shu nuqtai nazardan janub tomondan qandaydir jiddiy tahdidlarni hozircha biz ko‘rmayapmiz", - deydi siyosatshunos Farxod Tolipov.

Uning fikricha, terrorchi guruhlar to‘planayotgani haqidagi ta’kidlar manzarasida Termizning tanlanishi Rossiya tomoni tashabbusi bilan yuz bergan bo‘lishi mumkin.

"Qanday bo‘lmasin, mana shunday ta’kidlab, ya’ni terrorchilar yig‘ilyapti deya, menimcha, balki Rossiya tarafi taklifi bilan, agarda bosim demasam, bilmadim, Termiz shahri tanlangan bo‘lishi mumkin", - deydi u.

Rasmiy xabarlarda mashg‘ulotlar asosan xavfsizlik va harbiy hamkorlik nuqtai nazaridan yoritilmoqda. Ammo Buyuk Britaniyada joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi asoschisi va rahbari Alisher Ilhomov fikricha, Termizdagi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarga faqat harbiy nuqtai nazardan qarash to‘liq tasavvur bermaydi.

Alisher Ilhomov aytishicha, bu mashg‘ulotlar Toshkentning Moskva, Pekin va G‘arb o‘rtasida muvozanat saqlashga qaratilgan ko‘p vektorli tashqi siyosatining bir ko‘rinishi hisoblanadi.

"Biz ko‘ryapmizki, Mirziyoyev nafaqat Rossiya Federatsiyasi va o‘zi eng ko‘p bog‘liq bo‘lgan Xitoy bilan, balki ushbu ikki davlatga muqobil sifatida G‘arb davlatlari, ayniqsa Qo‘shma Shtatlar bilan ham munosabatlarni saqlab qolish va yanada rivojlantirishga harakat qilmoqda", - deydi u.

Ilhomov fikricha, Toshkentning Moskva bilan munosabatlarida ehtiyotkor yondashuv saqlab qolinayotganining bir necha sabablari bor.

"Avvalo, bu Rossiyadan kelayotgan mehnat muhojirlari daromadlari bilan bog‘liq bo‘lib, ular O‘zbekiston iqtisodiyotida katta ahamiyatga ega. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasidan neftь va gaz import qiluvchi davlatga aylandi", - deydi Alisher Ilhomov.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Uning aytishicha, Rossiya Markaziy Osiyodagi harbiy mavjudligi tufayli O‘zbekistonga nisbatan ma’lum ta’sir vositalariga ega.

Alisher Ilhomov fikricha, AQSh davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi davomida milliardlab dollarlik kelishuvlar imzolangan bo‘lsa-da, ularning katta qismi O‘zbekistonning Amerika mahsulotlarini xarid qilishi bilan bog‘liq bo‘lib, Vashingtonning mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalari cheklanganicha qolmoqda.

"Shunga qaramay, O‘zbekiston har safar G‘arb davlatlari va Qo‘shma Shtatlar bilan yaqinlashishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirganda, buning kompensatsiyasi sifatida Moskvaga nisbatan qandaydir sadoqat ishoralarini ham namoyon qiladi"-, deya davom etadi u.

Mutaxassis fikricha, bu Toshkentning Vashington bilan munosabatlarida ham ko‘zga tashlangan muvozanatlash siyosatiga mos keladi.

"Tramp bilan uchrashuvdan keyin u, Qozog‘iston yetakchisi kabi, darhol Moskvaga yo‘l olgan va go‘yoki Putinni o‘zining sadoqatiga ishontirishga harakat qilgan. Aftidan, u ana shunday muvozanatli siyosat olib bormoqda, chunki haligacha tashqi siyosatida Moskvaning rolini qator sabablarga ko‘ra inkor eta olmaydi", - deydi u.

Alisher Ilhomov aytishicha, mazkur mashg‘ulotlardan O‘zbekiston muayyan harbiy saboqlar ham olishi mumkin.

"Chunki Rossiya hozir Ukraina bilan urush sharoitida zamonaviy harbiy harakatlarni olib borish bo‘yicha juda katta tajriba to‘plamoqda. Moskva o‘z tajribasi va bilimlarining bir qismini bo‘lishishi mumkin. Balki O‘zbekiston ham o‘z qurolli kuchlari va xavfsizlik tizimini rivojlantirish uchun muayyan saboqlar olishi mumkin", - deya davom etadi u.

Shunga qaramay, ekspert bu mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi amaliy harbiy foydadan ko‘ra kengroq siyosiy ma’no kasb etishini ta’kidlaydi.

"Nazarimda, O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida geostrategik hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar mavjud. Mazkur mashg‘ulotlar ana shu munosabatlarning ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi", - deya yakunlaydi suhbatni u.

"Garchi O‘zbekistonga Afg‘oniston tomonidan tahdidlar yo‘q yoki ularning ko‘lami jiddiy emas, desam ham, albatta, vaziyat ideal, xavfsizlik sohasida muammo yo‘q, deb bo‘lmaydi. Shuning uchun har doim ham, har qanday davlat ham ehtimoliy xavf-xatarlarga tayyorgarlik ko‘rishi kerak", - deydi Farxod Tolipov.

Uning aytishicha, har qanday davlat mashqlar orqali harbiy mahorati va salohiyatini oshirib borishi tabiiy.

"Lekin hozir biz bilgan tahdidlarga qarshi O‘zbekistonning harbiy salohiyati, qurolli kuchlari va xavfsizlik organlarining kuchi yetarli deb o‘ylayman", - deydi u.

Siyosatshunos fikricha, shu nuqtai nazardan qaraganda, qo‘shma mashg‘ulotlar Rossiya ehtimoliy tahdidlar yuzaga kelsa O‘zbekistonga yordam berishi mumkinligi haqidagi ma’lum bir "messej"ni ham anglatishi mumkin.

"Aslida, bizga shunday yordam qanchalik kerak, degan katta savolni qo‘yish mumkin. Chunki tahdidlar hozircha jiddiy ko‘lamda ko‘rinmayapti va ularga qarshi O‘zbekistonning o‘z harbiy xavfsizlik va mudofaa kuchlari yetarli", - deydi Farxod Tolipov.