O‘zbekiston Islom moliyasini qanday rivojlantirmoqchi? Video

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston Markaziy Banki raisi Timur Ishmetov aytishicha, O‘zbekiston 2030 yilga borib 10 ta islomiy bank ochishni ko‘zlayapti.

Bugunga kelib O‘zbekiston Islom moliyasi huquqiy asoslarini shakllantirishdan yangi moliyaviy vositalarni amaliy tatbiq etish bosqichiga o‘tdi, dedi Timur Ishmetov.

Buning uchun 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan, besh yo‘nalish va 39 ta tadbirni o‘z ichiga olgan yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.

Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Samarqandda bo‘lib o‘tgan Islom moliyasiga bag‘ishlangan xalqaro forumdagi nutqida aytdi.

Timur Ishmetov aytishicha, O‘zbekistonning Islomiy moliyani rivojlantirish yo‘l xaritasi qonunchilikni takomillashtirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va islom bankingi uchun zarur infratuzilmani yaratishni nazarda tutadi.

Markaziy Bank raisi so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 11 ta mikromoliya tashkiloti Islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatayapti.

Bu tashkilotlar Islomiy moliyaning murobaha, ijara, mudoraba va mushoraka deb nomlangan instrumentlaridan foydalanadilar.

Markaziy Bank raisi Ishmetov ta’kidlashicha, mazkur yo‘nalishni nobank sektori orqali rivojlantirish mahalliy bozor uchun yangi bo‘lgan moliyaviy mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish va ularni qo‘llash bo‘yicha amaliy tajriba to‘plash imkonini berdi.

Muhim bosqich sifatida 2026 yilda O‘zbekistonda Islomiy bank faoliyatini joriy etish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni imzolagan va iyun oyi oxiridan kuchga kirgan ushbu qonun to‘laqonli Islom banklari, shuningdek an’anaviy banklar tarkibida Islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatadigan maxsus bo‘linmalarni tashkil etish uchun huquqiy asos yaratdi.

Sohani tartibga solish maqsadida Markaziy Bank Islom moliyasini boshqarishning ikki pog‘onali modelini joriy qildi va besh nafar a’zodan iborat Islom moliyasi kengashini shakllantirdi.

Kengash tegishli standartlarga rioya etilishiga ko‘maklashish, qarorlar sifatini oshirish va xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Timur Ishmetov so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Islom moliyasiga bag‘ishlangan qonunchilikni ishlab chiqishda soliq neytralligi mexanizmlari ham nazarda tutilgan.

Ular an’anaviy va Islom moliyaviy operatsiyalari tuzilmasidagi o‘ziga xosliklardan kelib chiqadigan soliqqa tortishdagi farqlarni bartaraf etishga qaratilgan.

Samarqand shahrida 27-28 oktyabr kunlariga mo‘ljallangan xalqaro forum arafasida O‘zbekiston Markaziy Banki "Open Bank" aktsiyadorlik jamiyatiga Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan mamlakatdagi ilk litsenziyani berdi.

Rivojlanishning keyingi yo‘nalishi sifatida sukuk hamda boshqa islomiy qimmatli qog‘ozlarni chiqarish uchun huquqiy bazani yaratish belgilangan.

Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, hukumat «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasining yangi tahriri tayyorlangan bo‘lib, unda sukukka bag‘ishlangan alohida bob ham mavjud.

Hujjat qabul qilinishi suveren va korporativ islom obligatsiyalarini chiqarish uchun huquqiy sharoit yaratishi kerak.

Markaziy Bank raisi Timur Ishmetov aytishicha, O‘zbekiston, shuningdek, Islom moliyasi sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni ham kengaytirmoqda.

2025 yilda Markaziy Bank Islom moliyaviy xizmatlar kengashiga (IFSB), 2026 yilda esa Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkilotiga (AAOIFI) a’zo bo‘ldi.

Ushbu tashkilotlar bilan hamkorlik xalqaro standartlarni o‘rganish va ilg‘or tajribalarni O‘zbekiston bozori sharoitiga moslashtirish imkonini beradi.

Ishmetov ta’kidlashicha, sohaning keyingi rivojlanishi davlat organlari, xalqaro moliyaviy institutlar, ilmiy hamjamiyat va bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi muvofiqlashuvni talab qiladi.

U ehtimoliy hamkorlar sifatida Islom taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va AAOIFIni tilga oldi.

Bu institutlar bilan hamkorlik mutaxassislar tayyorlash, yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish va amaliy yechimlarni ishlab chiqishga qaratiladi.

Markaziy bank rahbarining ta’kidlashicha, asosiy vazifalardan biri yo‘l xaritasidagi tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish, mas’ul tashkilotlar harakatlarini muvofiqlashtirish va natijalarni muntazam monitoring qilib borishdan iborat.