Imon Karimova bobosining haykali ochilishida qatnashdi

Published

Imon Karimova xolasi Lola Karimova-Tillayeva bilan bobosining haykali ostiga gul qoʻygan. Imonning onasi Gulnora Karimova Oʻzbekistonda "ozodlikdan cheklangan" va hibsda saqlanayotgani aytiladi. Akasi Islom Karimov esa Angliyada muhojirotda yuribdi.

Oqsaroy qarorgohida marhum Islom Karimovga qoʻyilgan haykalning rasmiy ochilish marosimida Gulnora Karimovaning qizi Imon ommaga koʻrinish bergan.

U xolasi Lola Karimova-Tillayeva bilan bobosi haykali ostiga gul qoʻygan. Buvisi Tatyana Karimova nutq soʻzlagan vaqti Imonning old qatorda turganini koʻrish mumkin.

Surat Lola Karimova-Tillayevaning Facebook dagi sahifasiga joylashtirilgan va "Lola Karimova-Tillyayeva jiyani Iman Karimova bilan", - deb yozilgan.

Imon Karimovaning 2014 yili onasi bilan uy hibsida saqlanayotgani haqida xabarlar chiqqan edi.

2016 yilning 29 noyabrida BBC Oʻzbek xizmatiga gapirgan kichik Islom Karimov singlisi Imon uy hibsida emasligini, ammo mamlakatni tark eta olmasligini aytgandi.

"Singlim hozir "Turkiston" mehmonxonasida yashayapti. Fevralda uni oyimdan ajratib shu mehmonxonaga joylashtirishgan. U erkin harakat qilishi mumkin, lekin oʻsha yerda uxlashi kerak. U oyimsiz bir joyga borolmaydi. Uni mamlakatdan chiqarib yuborishmoqchi boʻlishyapti, lekin u oyimsiz hech qayerga ketmoqchi emas. Chunki agar u ketsa va oyimga biron narsa boʻlsa, hech kim guvoh boʻlolmaydi, hech kim u bilan muloqotda boʻlmaydi. Chunki menda ham bevosita aloqa yoʻq oyim bilan. Agar unga bir kor hol boʻlsa, buni biladigan yagona odam singlim boʻladi", degan u.

Toshkentga qaytsa oʻzbek SNBsi onasi, singlisi va oʻzini yooʻq qilishi mumkinligini aytgan Islom Karimov nima sababdan singlisi bobosi bilan vidolashishga qoʻyilmaganini savol ostiga olgandi.

"Men-ku mayli, nega singlim va oyim Toshkentda boʻla turib, bobom bilan vidolasha olmadilar? Butun umr yonida boʻlishgan. Bu axir oddiy insoniy hurmat. Vidolashuv. Buni hech qachon tushunmaymiz", degan u.

Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova otasi tirikligi vaqtida 2015 yili 5 yilga ozodlikdan cheklangan.

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasining oradan 2,5 yil oʻtib maʼlum qilishicha, sobiq Prezidentning toʻngʻich qizi soliq toʻlashdan bosh tortish kabi ayb bilan ozodlikdan cheklash jazosiga mahkum etilgan.

Gulnora Karimovaga nisbatan ikkinchi jinoiy ish alohida ochilgan va ayni damgacha tergov ishlari davom etmoqda.

Tergov materiallarida Karimova jinoiy guruhga 1 trillion soʻmdan ortiq mulkni davlat organlari vakolatlarini asossiz oʻzlashtirgan holda va firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirshda yordam bergan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02